OMMAVIY OFERTA

Fonon.uz elektron savdo platformasi orqali zargarlik buyumlarini masofadan turib xarid qilish shartlari va tartibi toʻgʻrisida


Mazkur hujjat «EMPIRE JEWELRY» MChJ (INN 308219012, keyingi oʻrinlarda - «Sotuvchi») tomonidan fonon.uz elektron savdo platformasi orqali har qanday jismoniy yoki yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda - «Xaridor») quyida bayon qilingan xarid qilish shartlari va tartibi asosida zargarlik buyumlarini sotish boʻyicha rasmiy taklif (ommaviy oferta) hisoblanadi.

1. Umumiy qoidalar

1.1.Ushbu oferta Oʻzbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq ommaviy hisoblanadi. Mazkur ofertani (shartnoma) akseptlash (qabul qilish) ushbu hujjatda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda Xaridorning zargarlik buyumlarini sotib olishga roziligini bildiradi.

1.2.Oferta aksept qilingan paytdan boshlab, yaʼni Xaridor fonon.uz elektron tizimida «Men ommaviy oferta shartlarini oʻqib chiqdim va roziman» belgisini tasdiqlagan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

1.3.Sotuvchi Xaridorning maʼlumotlari maxfiyligini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq taʼminlaydi.

1.4.Ushbu ommaviy oferta Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364-moddasi uchinchi qismi, 365-moddasi, 367-moddasi, 369-moddasi va 370-moddalariga muvofiq tuziladi hamda ommaviy oferta sifatida yuridik kuchga ega hisoblanadi.

2. Ommaviy oferta predmeti

2.1.Ushbu ofertaning predmeti - Fonon.uz elektron savdo platformasi orqali zargarlik buyumlarini sotish va sotib olish bilan bogʻliq Sotuvchi va Xaridor oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishdir. Sotuvchi fonon.uz elektron savdo platformasida taqdim etilgan zargarlik buyumlarini sotish majburiyatini oladi (ushbu ofertada koʻrsatilgan holatlar mustasno), Xaridor esa mazkur ofertadagi shartlarga muvofiq tovarni qabul qilish va toʻlovini toʻlash majburiyatini oladi.

2.2.Tovarlarning amaldagi tavsiflari sayt mahsulot sahifasida koʻrsatiladi.

3. Narx va toʻlov tartibi

3.1.Har bir tovarning narxi Fonon.uz elektron savdo platformasida koʻrsatiladi hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq barcha soliq va majburiy toʻlovlarni oʻz ichiga oladi. Mazkur narxlar axborot-maʼlumot xarakteriga ega boʻlib, qatʼiy (oʻzgarmas) narx sifatida talqin etilmaydi. Sotuvchi tovarlarni shu narxda sotish majburiyatini olmaydi. Sotuvchi zarurat tugʻilganda narxlarni yangilash yoki oʻzgartirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

3.2.Toʻlov quyidagi usullardan biri orqali amalga oshiriladi:

  • tovar yetkazib berilganda naqd pul shaklida;
  • tovar yetkazib berilganda bank kartasi orqali terminal vositasida;
  • Fonon.uz elektron savdo platformasida buyurtma rasmiylashtirish jarayonida Uzum Bank yoki boshqa integratsiya qilingan toʻlov tizimlari orqali;
  • tovarni doʻkondan shaxsan olib ketishda doʻkon kassasida naqd yoki bank kartasi orqali.

Shuningdek, toʻlov qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa toʻlov usullari orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Toʻlov toʻliq amalga oshirilgandan keyin tovarni yetkazib berish yoki olib ketish huquqi vujudga keladi.

3.3.Buyurtmani Fonon.uz elektron savdo platformasida tasdiqlash orqali Xaridor mazkur tovarning narxi, tavsifi va yetkazib berish shartlariga toʻliq rozilik bildirgan hisoblanadi.

3.4.Texnik yoki dasturiy xatolik tufayli (masalan, narx 0 soʻm etib koʻrsatilgan yoki boshqa aniq notoʻgʻri maʼlumot aks etgan hollarda) bunday buyurtma haqiqiy hisoblanmaydi va amalga oshirilmaydi. Fonon.uz elektron platformasida Sotuvchiga bogʻliq boʻlmagan boshqa texnik nosozliklar uchrashi mumkin.

3.5.Agar mazkur xatolikka yoʻl qoʻyilgan buyurtma boʻyicha avvaldan toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa, Xaridorning murojaati asosida toʻlangan summa, shu jumladan yetkazib berish xarajatlari, belgilangan tartibda toʻliq qaytariladi.

3.6.Fonon.uz saytida koʻrsatilgan narxlar axborot-maʼlumot xarakteriga ega boʻlib, ular qimmatbaho metall va toshlarning jahon bozoridagi (jumladan, London Bullion Market Association - LBMA birjasidagi) narxlari oʻzgarishi, valyuta kurslaridagi tebranishlar, bojxona va logistika xarajatlari hamda boshqa iqtisodiy omillar taʼsirida oʻzgarib turadi. Tovarning Fonon.uz elektron platformasida koʻrsatilgan narxi bilan Fonon doʻkonlaridagi narxi farq qilganda doʻkonlardagi narx amal qiladi.

3.7.Xaridor tomonidan tovar uchun toʻlov toʻliq amalga oshirilmaguncha, mazkur tovar zaxirada saqlanib turishi kafolatlanmaydi. Agar toʻlov bajarilgunga qadar tovar sotilib ketgan yoki mavjud boʻlmagan boʻlsa, Sotuvchi bunday holat uchun javobgar boʻlmaydi. Xaridorning xohishiga koʻra unga oʻxshash mahsulot taklif etiladi yoki agar toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa, toʻlangan summa toʻliq miqdorda qaytariladi.

3.8.Xaridor tomonidan Fonon.uz elektron savdo platformasi orqali toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa, biroq tovar Sotuvchi zaxirasida mavjud boʻlmasa yoki sotilib ketgan boʻlsa, Sotuvchi mazkur tovarni yetkazib berish majburiyatini olmaydi. Xaridorga bu haqda xabar beriladi va uning xohishiga koʻra toʻlangan summa toʻliq miqdorda qaytariladi yoki boshqa oʻxshash mahsulot taklif etiladi.

4. Yetkazib berish va olib ketish tartibi

4.1.Tovarni yetkazib berish faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida amalga oshiriladi.

4.2.Yetkazib berish muddati buyurtma Sotuvchi tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab 7 (yetti) kalendar kun ichida amalga oshiriladi. Yetkazib berish muddati yetkazib beruvchi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning ish yuklamasi yoki transport sharoitiga koʻra qisman oʻzgarishi mumkin.

4.3.Tovarni shaxsan olib ketish manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Kichik Halqa Yoʻli koʻchasi, 50-uy.

4.4.Tovarni tashish jarayonida uning but saqlanishi uchun javobgarlik yetkazib beruvchi xizmat koʻrsatuvchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi. Tovar yetkazib berilgandan soʻng, uning shikastlanishi yoki yoʻqolishi uchun javobgarlik Xaridor zimmasiga oʻtadi.

4.5.Tovarni qabul qilish jarayonida Xaridor uning tashqi koʻrinishi, butligini va toʻliqligini diqqat bilan tekshirishi shart. Agar tovarda shikastlanish, nuqson, yetishmovchilik yoki boshqa kamchiliklar aniqlansa, bu haqda darhol Yetkazib beruvchi xodimiga yoki Sotuvchining vakolatli vakiliga (servis markaziga) xabar berilishi lozim.

Xaridor tovarni qabul qilib olgandan soʻng, Sotuvchi qabul qilingan paytdan keyin yuz bergan har qanday shikastlanish, buzilish, yoʻqotish yoki sifatning yomonlashuvi uchun javobgar hisoblanmaydi. Tovar Sotuvchi yoki Yetkazib beruvchi vakili tomonidan Xaridorga topshirilgandan soʻng, tovarning sifati, butligi yoki tashqi holatiga oid daʼvo va shikoyatlar qabul qilinmaydi.

4.6.Yetkazib berish muddati fors-major holatlar yoki transport tizimidagi kechikishlar sababli buzilgan taqdirda, Sotuvchi bunday kechikishlar uchun javobgar hisoblanmaydi.

5. Javobgarlik

5.1.Sotuvchi Xaridor tomonidan tovardan notoʻgʻri foydalanish, saqlash qoidalariga rioya etmaslik yoki tovarning tabiiy tuzilishiga zid harakatlar natijasida kelib chiqadigan zararlar uchun javobgar hisoblanmaydi.

5.2.Tovarni yetkazib berish jarayonida uning butligi va shikastlanmasligi uchun javobgarlik yetkazib beruvchi xizmat koʻrsatuvchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi. Tovar Xaridorga yetkazib berilgandan soʻng, uning shikastlanishi yoki yoʻqolishi uchun javobgarlik Xaridor zimmasiga oʻtadi.

5.3.Xaridor buyurtma berishda taqdim etgan shaxsiy va kontakt maʼlumotlarining toʻgʻriligi, yangiligi hamda ishonchliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi. Notoʻgʻri maʼlumot taqdim etilishi natijasida yetkazib berishda yuzaga kelgan kechikishlar yoki yetkazib berib boʻlmaslik holatlari uchun Sotuvchi javobgar emas.

5.4.Xaridor tomonidan toʻlov kechiktirilishi, bank yoki toʻlov tizimlaridagi texnik nosozliklar sababli mablagʻlarning kechikkan holda tushishi uchun Sotuvchi javobgar hisoblanmaydi.

5.5.Sotuvchi Fonon.uz elektron savdo platformasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaqtinchalik texnik nosozliklar, internet aloqa uzilishlari yoki server ishidagi toʻxtalishlar uchun javobgar hisoblanmaydi.

6. Fors-major holatlar

6.1.Tomonlardan hech biri tabiiy ofatlar, urush yoki harbiy harakatlar, epidemiyalar, ish tashlashlar, transport yoki aloqa tizimidagi uzilishlar, davlat organlarining taqiqlov yoki cheklov qarorlari, shuningdek boshqa yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major holatlar) tufayli oʻz majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda javobgar hisoblanmaydi.

6.2.Fors-major holatlari amal qilgan davrda har ikki tomonning majburiyatlarini bajarish muddati mazkur holatlar davom etgan vaqtga mos ravishda uzaytiriladi. Agar bu holatlar 60 (oltmish) kalendar kundan ortiq davom etsa, tomonlar majburiyatlarni bajarishni toʻxtatish yoki shartnomani bekor qilish imkoniyatini muhokama qilish huquqiga ega.

6.3.Fonon.uz elektron savdo platformasida yoki u bilan bogʻliq integratsiyalarda yuzaga kelgan texnik nosozliklar, maʼlumotlarning notoʻgʻri yoki kech aks etishi, shu jumladan narxlarning xato koʻrsatilishi Sotuvchi zimmasiga qoʻshimcha majburiyat yuklamaydi, ammo Xaridorga mazkur holat haqida imkon qadar tez xabar beriladi.

6.4.Fors-major holatlari yuzaga kelganda har bir tomon bunday holat roʻy berganligi haqida ikkinchi tomonni imkon qadar qisqa muddat ichida xabardor qilishi shart. Fors-major holatining mavjudligini tasdiqlovchi tegishli davlat organi yoki vakolatli tashkilotning maʼlumotnomasi asos qilib olinadi.

7. Nizolarni hal etish tartibi

7.1.Ushbu ommaviy oferta boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo, kelishmovchilik yoki daʼvolar, avvalo, tomonlar oʻrtasida muzokaralar va yozma murosa yoʻli bilan hal etilishiga harakat qilinadi.

7.2.Agar muzokaralar orqali kelishuvga erishib boʻlmasa, nizo Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sud tartibida hal etiladi.

7.3.Barcha sud ishlari yurisdiksiya boʻyicha Sotuvchining roʻyxatdan oʻtgan joyi - Toshkent shahri sudlarida koʻrib chiqiladi.

7.4.Xaridor tomonidan yetkazilgan har qanday talab yoki daʼvo yozma shaklda Sotuvchi manziliga yuborilishi va unda nizo sabablari hamda daʼvo miqdori (agar mavjud boʻlsa) aniq koʻrsatilishi kerak.

7.5.Sotuvchi mijozlar bilan oʻzaro ishonchli munosabatlarni qoʻllab-quvvatlaydi va nizolarni imkon qadar tinch yoʻl bilan hal etishga harakat qiladi.

Sotuvchi xaridorlarning fikrlari, shikoyatlari va takliflariga hurmat bilan munosabatda boʻlib, ularni qonunchilik va ichki qoidalar doirasida koʻrib chiqishni oʻz majburiyati deb hisoblaydi.

8. Yakuniy qoidalar

8.1.Sotuvchi ushbu ommaviy ofertaga Xaridorni oldindan ogohlantirmagan holda oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega. Yangi tahrir Fonon.uz saytida joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va oʻsha paytdan keyin berilgan buyurtmalarga nisbatan qoʻllaniladi.

8.2.Tomonlar oʻrtasida yuzaga kelgan nizo va kelishmovchiliklar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi hamda yurisdiksiya boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida yoki tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahrida joylashgan tuman sudlarida koʻrib chiqiladi.

8.3.Buyurtma Sotuvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng Xaridorga 1 (bir) - 5 (besh) ish kuni ichida, lekin 7 (yetti) kalendar kundan kechiktirmasdan yetkazib beriladi. Xaridor buyurtma holatini oʻzining shaxsiy kabineti orqali kuzatishi mumkin.

8.4.Ushbu ommaviy oferta bilan bogʻliq barcha munosabatlar, agar hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va boshqa amaldagi qonun hujjatlari normalariga muvofiq tartibga solinadi.


Sotuvchining rekvizitlari

«EMPIRE JEWELRY» MChJ

Yuridik manzil: Toshkent sh., Chilonzor tumani, Kichik Halqa Yoʻli koʻchasi, 50-uy

STIR: 308219012

Tel.: +998 99 010 11 88

E-mail: info@fonon.uz